//Nimaiki daromad keltirsa, nimaiki eksportbop bo‘lsa, nimaiki odamlar hayotini farovon qiladigan bo‘lsa, ayni shu ekinni ekamiz

Nimaiki daromad keltirsa, nimaiki eksportbop bo‘lsa, nimaiki odamlar hayotini farovon qiladigan bo‘lsa, ayni shu ekinni ekamiz

Farg‘onada bo‘lib o‘tgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiishtirokchilari ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlashdi

Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirish va fermerlik harakatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samarasini beryapti. Hozirgi paytda respublikamizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 99 foizi partiyamizning asosiy elektorati bo‘lgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining ulushiga to‘g‘ri kelayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir. Bu fikrlar O’zLiDeP Siyosiy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Farg‘onada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish istiqbollari” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ham qayta-qayta takrorlandi.Mamlakatimizni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, Prezidentimizning joriy yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Yurtboshimizning joriy yil 22 iyundagi Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida tashkil etilgan mazkur konferensiyada partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari, O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Konferensiyada qayd etilganidek, Farg‘ona viloyati o‘zining qadimiy dehqonchilik maktabi bilan ma’lum va mashhur. Hozirgi vaqtda viloyatdagi qishloq mulkdorlari qariyb 250 ming gektar maydonda dehqonchilik qilib, ota-bobolarimizning boy tajribasini zamonaviy ilm-fan yutuqlariga uyg‘unlashtirgan holda  paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va boshqa tarmoqlardan mo‘l hosil olishmoqda. Ammo qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar xotirjamlikka berilishga asos bo‘lmasligi kerak. Chunki bugungi davr yer egalari zimmasiga ham yangi, mas’uliyatli vazifalarni yuklamoqda.Prezidentimiz 22 iyun kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish hamda xalq bilan muloqot qilish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashriflari chog‘ida ham bu masalaga alohida urg‘u bergan edilar. Davlatimiz rahbari Markaziy Farg‘onada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kuchaytirish, nimaiki daromad keltirsa, shuni ekish, xususan, yong‘oq, pista va uzumchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq tavsiyalar o‘rtaga tashlagan edi. Bu borada, ayniqsa, ekportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida ahamiyat qaratish, shu orqali odamlarning daromadini ko‘paytirish, kelgusi besh yilda Markaziy Farg‘onani iqtisodiy rivojlangan hududga aylantirish borasida aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Qolaversa, davlatimiz rahbari Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida ham “…faqat bitta qishloq xo‘jalik ekiniga qaram bo‘lib qolmasdan, daromad, foyda nuqtai nazaridan o‘zini oqlamagan paxta maydonlarini qisqartirib, ularning o‘rniga nimaiki daromad keltirsa, nimaiki eksportbop bo‘lsa, nimaiki odamlar hayotini farovon qiladigan bo‘lsa, ayni shu ekinni ekamiz. Lekin bu ishlarni izchil va samarali amalga oshirish, ularning pirovard natijasini ta’minlash uchun barcha mas’uliyat va javobgarlikni faqat ijro organlariga tashlab qo‘yish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu masalalarda tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, xususiy mulk, jumladan, intellektual mulk egalarining huquq va manfaatlarini himoya qilaman, deb maydonga chiqqan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘rni va ishtiroki, amaliy ta’siri aniq sezilishi zarur.” deya partiyamiz zimmasiga alohida mas’uliyat yuklagan edi.Albatta, ushbu yig‘ilishdan so‘ng oradan shuncha vaqt o‘tdi. Ana shu davr mobaynida partiyamiz tomonidan mas’uliyatni teran his etgan holda faoliyati agrar soha bilan bog‘liq bo‘lgan turli davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamjihatlikda sohadagi zarur holat o‘rganildi. Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni to‘la-to‘kis bajarishda nimalarga e’tibor qaratishimiz lozimligi atroflicha tahlil qilindi. Fermerlar bilan  bevosita uchrashib ularning taklif va tavsiyalari olindi. Bunda ayniqsa, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy salohiyatidan ham unumli foydalanildi.“Markaziy Farg‘onada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish istiqbollari” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bu borada katta qadamdir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz kuchlarni birlashtirib, davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan vazifalarni bajarishda ilmiy va amaliy imkoniyatlarni keng jalb etish orqali aniq taklif va tavsiyalar, shuningdek, sohani takomillashtirishga qaratilgan samarali uslublar, yondashuvlar ishlab chiqishdan iboratdir. O‘z navbatida ushbu takliflarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zLiDeP fraksiyasiga kiritish ham biz uchun muhim sanaladi.

O`zLiDeP Matbuot xizmati.