//O‘zbekistonga Gollandiyadan serhosil va issiqqa chidamli 30 xil navdagi kartoshka urug‘lari keltirildi

O‘zbekistonga Gollandiyadan serhosil va issiqqa chidamli 30 xil navdagi kartoshka urug‘lari keltirildi

Bu haqda O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi hamda Bulung‘ur tuman hokimligi hamkorligida “Hududda kartoshkachilikni rivojlantirish: bugungi holat va istiqboldagi rejalar” mavzuida tashkil etilgan tadbirda ma’lum qilindi.

– O‘zbekiston o‘ziga xos iqlimga ega, biz yurtingizga issiqqa chidamli va kam suv talab qiladigan kartoshka urug‘larini yetkazib beryapmiz, – deydi  Gollandiyalik “AGRICO”  kartoshka urug‘chiligi firmasi mutaxassisi  Piter Gelyuk. – Hozirda iqlim sharoitingizga mos 30 turdagi urug‘lar tanlangan bo‘lib, ularning 17 turdagisi yurtingizga keltirildi.

Ta’kidlash kerak, Gollandiya “AGRICO” firmasining  O‘zbekiston bilan hamkorligiga 25 yildan oshdi. Mazkur firma tomonidan vatanimizga keltirilgan kartoshka navlari hosildorligi va ta’mi bilan yurtdoshlarimizga manzur bo‘lmoqda.

–Kartoshka mahsulotlarini xalqimiz “Ikkinchi nonimiz” deyishadi. Unga butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham talab katta, – deydi  agranom Abdunabi Mallayev. –SHu kungacha Gollandiyadan keltirilgan kartoshkaning “Santa”, “Diamond”,”Sandial”,”Alovuddin” kabi navlari xalqimizga manzur bo‘ldi. Bugungi anjumanda ishtirok etib yurtimizga serhosil kartoshka navlari keltirilayotganligidan xabar topdik va bundan xursandmiz.

Tadbirda Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Abdusalim Yusupov so‘zga chiqib, xalqimiz sevib iste’mol qiladigan bu mahsulotning urug‘larini kelajakda O‘zbekistonda yaratish borasida muhim qadamlar tashlanayotganini ta’kidladi.Tadbirda ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga mutaxassislar javob qaytarishdi.