//O‘zLiDePning “Tadbirkorlar muloqot forumi” ishbilarmon va tashabbuskor yurtdoshlarimiz safini kengaytirmoqda

O‘zLiDePning “Tadbirkorlar muloqot forumi” ishbilarmon va tashabbuskor yurtdoshlarimiz safini kengaytirmoqda

Bugun O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan “Tadbirkorlar muloqot forumi” doirasida “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirishning istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda partiya xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat Bojxona va Soliq qo‘mitasi vakillari, “O‘zstandart” agentligi, Savdo-sanoat palatasi mas’ul xodimlari va tikuv trikataj yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari ishtirok etdi.

— Mamlakatimizning besh yillik rivojlanish dasturi – Harakatlar strategiyasiga asosan barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Klara DJUMAMURATOVA. — Ushbu strategiyaning  bitta ustuvor yo‘nalishi bu – iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishdir. To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati iktisodiyotimizni rivojlantirish, keng turdagi sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish va mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini  rivojlantirish uchun qabul qilingan zarur huquqiy baza va qulay sharoitlar sohada olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirmoqda.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, Prezidentimizning “2017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”, “To‘qimachilik va tikuv trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari  to‘g‘risida” farmon va qarorlari tadbirkorlarga qator imkoniyat va imtiyozlar bermoqda. Bundan tashqari, mazkur huquqiy hujjatlar mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatini izchil rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan qator muammolarni yechishga xizmat qilmoqda. Paxtani yetish­ti­rish­dan tortib, undan tayyor mah­sulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bos­qich­larni o‘z ichiga qamrab olgan klaster usuli mazkur sohani jadal rivojlantirishda muhim omildir.

Tadbir davomida o‘zining ishbilar­mon­ligi va tashab­bus­korligi bilan obro‘ topib kelayotgan tadbir­kor­larning taklif-mulohazalari tinglandi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati