//Qulay biznes muhiti: samarali biznes loyihalarini amalga oshirish

Qulay biznes muhiti: samarali biznes loyihalarini amalga oshirish

2017 yil 24 aprel kuni O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan «NORTEC COMPANY» O‘zbekiston-Norvegiya qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda “Qulay biznes muhiti: samarali biznes loyihalarini amalga oshirish” mavzuida seminar tashkil etildi. Unda mamlakatimiz kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari, deputatlar va O‘zLiDeP faollari, partiya tomonidan tashkil etilgan “Ishbilarmon talaba”, “Diplom bilan biznesga” ko‘rik-tanlovlari va boshqa loyihalar ishtirokchi va g‘oliblari, Norvegiya, Niderlandiya va Rossiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirokchilar O‘zbekistonda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mazkur sohaning mamlakat iqtisodiy qudratini oshirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar xususida fikr almashdi. Alohida ta’kidlanganidek, 2017 yil birinchi choragining o‘zidayoq O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida qabul qilingan 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlari mamlakatimizda biznes muhitni yanada yaxshilash, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” tamoyilining hayotga keng tatbiq etilishiga xizmat qilmoqda. Seminarda mamlakatimizning mustaqil rivojlanishi davrida mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar doirasida 30 mingdan ortiq davlat ob’ekti, shu jumladan, 6,5 mingta yirik va o‘rta korxona xususiy mulk qilib sotilgani ta’kidlandi. Natijada hozir nodavlat sektoriga yalpi ichki mahsulotning 81 foizidan ko‘prog‘i, sanoat ishlab chiqarishining 94 foizi va barcha band aholining 82 foizidan ziyodi to‘g‘ri kelmoqda. Xususiy sektorning asosiy kapitalga kiritgan investitsiyalar ulushi 80,9 foizga yetdi (1991 yilda 24,1 foizni tashkil etgan).

This slideshow requires JavaScript.

Ayni paytda tadbirkorlar sonining ortishi aholi daromadlarining dinamikasi va tarkibini belgilab bermoqda. Keyingi o‘n yilda aholining tadbirkorlik faoliyatidan olayotgan real daromadi xonadonlar umumiy daromadidagi ulushi 50 foizdan ortdi. Bularning barchasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik milliy iqtisodiyotimizning ajralmas va muhim qismiga, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal qilishda, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishda, odamlar farovonligini ta’minlashga yetakchi kuchga aylanganidan dalolat beradi. Mamlakatimiz ekspertlari O‘zbekistonda tadbirkorlik jadal rivojlanishining asosiy omillari mamlakatimizda mustahkam qonunchilik va huquqiy baza yaratilgani, u doimiy ravishda takomillashtirilayotgani, davlat tomonidan biznesga turli imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilayotgani, ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash, modernizatsiya qilishda yaqindan ko‘maklashilayotganidan iborat ekanini ta’kidladi. Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning soliq yukini kamaytirish, ularga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish borasida ko‘rilayotgan izchil chora-tadbirlar ularning erkin faoliyat yuritishiga asos bo‘lmoqda. Keyingi 15 yilda soliq stavkalari 7 barobardan ziyodga kamaytirildi. Bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda korxona va tashkilotlar foydasiga soliq solish stavkasi 12,5-39,5 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 38 foizdan 7,5 foizga kamaydi, mirokfirmalar va kichik korxonalarning yagona soliq to‘lovi stavkasi esa 2,5 barobarga qisqardi (13 foizdan 5 foizgacha). Shuningdek, xalq amaliy ijodiyoti va oilaviy biznes sub’ektlari umuman soliq to‘lovlaridan ozod etilgan yoki minimal stavka bo‘yicha soliq to‘laydi. O‘zbekistonda soliq yuki AQSH, Germaniya, Fransiya, Italiya, Avstriya, Chexiya, Ispaniya, Gretsiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya mamlakatlariga qaraganda sezilarli past darajada. Seminar ishtirokchilari kichik biznes sub’ektlarini kreditlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. 2017 yil birinchi choragining o‘zida kichik biznes sub’ektlariga 4,6 trillion so‘m yoki 2016 yilning shu davriga nisbatan 1,3 marotaba ko‘p kredit ajratildi. O‘zbekiston tijorat banklarining kredit portfelida uch yildan ortiq muddatli kreditlar ulushi 80 foizni tashkil etmoqda (1990 yilda – 24 foizga yaqin). Eng muhimi, bu jarayon izchil davom ettirilib, sifat jihatidan yangi darajada rivojlantirilmoqda. Buning samarasida keyingi yillarda nufuzli xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tuzilmalar tomonidan tuzilayotgan reytinglarda O‘zbekistonningN o‘rni tobora yaxshilanib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, Jahon banki tomonidan e’lon qilingan “Biznesni yuritish 2017: boshqaruv sifatini va samaradorligini baholash” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning 190 davlati ichida 87-o‘rinni egallab, o‘tgan yildagi mavqeini saqlab qoldi. Jahon banki ekspertlari hisobotning o‘nta ko‘rsatkichidan beshtasida O‘zbekistonni yanada yuqori pog‘onaga belgiladi.

 

Korxona va mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish (+17 pog‘ona), elektr tarmoqlariga ulash (+18 pog‘ona), minoritar sarmoyadorlarni himoya qilish (+18 pog‘ona), shartnomalar ijrosini ta’minlash va kreditlash masalalarida sezilarli o‘sish qayd etildi. Bugun O‘zbekistonda odamlar o‘z biznesini ochish uchun Shveysariyadagidan – 1,8 marta, Germaniyadagidan – 1,9 marta, Yaponiya va Rossiyadagidan – 2 marta, Isroildagidan – 2,2 marta, Gretsiya va Ispaniyadagidan – 2,3 marta, Hindistondagidan – 4,7 marta, Xitoydagidan – 5,5 marta va Braziliyadagidan – 14,5 marotaba kam vaqt sarflamoqda. Seminar ishtirokchilarining fikricha, quyla biznes muhitini shakllantirish mamlakatimiz rivojlangan davlatlar qatoriga kirish, aholining munosib turmush sharoitlarini ta’minlash va yuritimiz taraqqiyotini yuksaltirishdek o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishishning muhim vositasidir. Bu borada Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish, qonunchilikda belgilangan tadbirkorlar huquq va manfaatlari ustuvorligi to‘g‘risidagi talablar va tamoyillarga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, davlat mulkini xususiylashtirish tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi va boshqa tashabbuslar muhim o‘rin tutadi. Xorijlik ishtirokchilar O‘zbekiston qonuchiligida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalarining ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida amalda bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini besh yil mobaynida qo‘llash huquqi belgilangani qulay investitsiya muhitini shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Seminarda davlatimiz rahbarining shu va boshqa tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, shubhasiz, xususiy mulning huquqiy himoyasini kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi. Tadbir doirasida O‘zbekistonda samarali va muvaffaqiyatli biznes loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.